Shajara

Mahdumi A’zam

Sayyid Ahmad Maxdumi A’zam Kosoniy Dahbediy (q.s.)ning Toshkentdagi avlodlari shajarasi

Yurtimizdan allomalar, ulamolar, tariqat peshvolari bo’lgan ulug’ avliyolar yetishib chiqqan va hozirda ularning avlodlari oramizda yashab kelishmoqda. Tarixiy manbalar mana shu ulug’ zotlarning o’z nasab shajaralari va ma’naviy silsilalari bor ekanligini isbotlaydi. Ularning avlodlarini ko’plarida qo’lyozma holidagi shajaralar saqlanib qolingan, ba’zilarida esa saqlanib qolinmagan. Tarixiy Turkiston mintaqasida shajaralarni tadqiq qilish va tasdiqlash bo’yicha hozircha yagona bo’lib xizmat ko’rsatayotgan “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” xorijiy xalqaro jamiyati dunyodagi ko’plab “Shajaralarni tadqiq etish va tasdiqlash” naqobat tashkilotlari bilan xamkorlikni yo’lga qo’ygan bo’lib, diyorimizdagi shajaralarni va silsilalarni tadqiq va tahlil etish hamda ularni qayta tasdiqlashda baholi qudrat faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, xalqaro jamiyatimizga oxirgi paytlarda turli davlatlardan shajaralarni tasdiqlash bo’yicha ko’plab murojaatlar kelib turibdi. Shajaralarning ayrimlarini web-saytimiz orqali shajara egalarining ruxsati va muayyan talablar bilan yurtimiz tarixchilari va umuman shajarashunoslikka qiziquvchilar e’tiboriga baholi qudrat havola etib kelyapmiz.

Jumladan, joriy yil boshida azim Toshkent shahridan o’zlarini sayyidlardan ekanliklarini hamda Naqshbandiya tariqatining rahnamosi Sayyid Ahmad Maxdumi A’zam Dahbediy hazratlarining avlodlari ekanliklarini aytib, qo’llarida bobolaridan meros bo’lib kelayotgan nasab shajarasi borligini hamda uni hozirgi avlodlar bilan to’ldirgan holatda qayta tasdiqlash niyatida ekanliklarini aytib murojaat etdilar.

Movarounnahrlik alloma, yirik diniy va siyosiy arbob, Naqshbandiya tariqatining rahnamosi va nazariyotchilaridan biri Sayyid Ahmad Maxdumi A’zam hazratlari ko’pchilikka ma’lum va ul zotning avlodlari O’rta Osiyo hududlarida keng tarqalganlar. Ul zotning to’liq ismlari Sayyid Ahmad Xojagi ibn Sayyid Jaloliddin Kosoniy Dahbediydir (1463/64-1542). Farg‘ona vodiysining Koson shahrida tavallud topgan bo’lib, qabrlari Samarqandning Dahbed mavzesidadir. Bu ulug’ zotning tarixlari haqida hozirda O’zbekistonda ul zotning avlodi hisoblangan manbashunos olim, faxriy shajarashunos naqib Sayyid Komilxon Kattayev tomonidan ko’plab ilmiy izlanishlar olib borilgan hamda bir necha kitoblar chop etilgan va nashr qilinmoqda.

Ikki yil avvalgi maqolamizda Sayyid Ahmad Maxdumi A’zam hazratlarining Buyuk Britaniyaning London shahrida yashovchi avlodlari shajarasi haqida va uni qayta tasdiqlanganligi haqida yozgan edik. Bugungi maqolamizda esa ul zotning Toshkent shahridagi avlodlari shajarasi haqida ma’lumotlarni qisqacha havola etamiz. O’zlani “Biz sayyidlardanmiz, Maxdumi A’zam hazratlarining avlodlarimiz…” deb e’tirof qilishgan va qo’lyozma shajaralari qo’llarida mavjud bo’lgan xonadon sohiblari xalqaro jamiyatimizga shajaraning aslidan nusxa taqdim etdilar. Xalqaro jamiyatmizning manbashunos va shajarashunos mutaxassislari mazkur shajara egalarining roziligi va muayyan talablari ostida mazkur qo’lyozma shajara tadqiqotini boshlab yubordilar. Tadqiqotlarimiz natijasida ushbu taqdim etilgan qo’lyozma shajara haqiqatan tarixiy manba ekanligiga shohid bo’lindi. To’rt qismdan iborat shajaraning umumiy uzunligi 4 metrdan ziyod ammo ehtiyotsizlik oqibatida 4 qismga bo’linib ketgan, eni esa 30 smga ega bo’lib, qadimiy eski qog’ozga yozilgan, matn tili esa forscha va qisman arabchadir. Shajarada jami 55 dona turli muhrlar mavjud. Shajaraning asosiy qismi uncha yaxshi saqlanmagan, ikki chet qismi, o’rta qismi, boshlang’ich va tepa qismi yaxshi muhofaza qilinmagan, yirtilgan va buklangan joylari mavjud, ba’zi qismlari qayta tiklashga muhtoj. Shunday bo’lsada undagi ma’lumotlarni boshqa shajaralar bilan taqqoslab tadqiq etishga muyassar bo’lindi. Shajara taxminan 1905-06 milodiy yilda o’zidan avvalgi shajaraga asosan qayta bitilgan va tasdiqlangan bo’lib, yangitdan yozilgan qo’lyozma shajara qariib 117 yildan oshiq tarixga egadir.

Ushbu shajara Maxdumi A’zamiy sayyidlar avlodlariga tegishli boshqa shajaralardan o’zining qimmatli ma’lumotga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Ya’ni Maxdumi A’zamiy sayyidlar tarixi manbalaridan ma’lumki, Hazrati Sayyid Ahmad Xojagining 4 xotinlari bo’lgan va ulardan 13 farzand ko’rganlar, ushbu farzandlarining ayrimlaridan nasllar qolgan bo’lib, ular quyidagilardir:

  • Koson sayyidlari vakillaridan bo’lgan Sayyid Mir Tolib Yusufning Ruqiya ismli qizidan: 1. Muhammad Amin Xoja Kalon xoja. 2. Xoja Do’st. 3. Xoja Bahovaddin. 4. Xoja Abdulxoliq
  • Qashqar begining qizi Bibichai Qashqariydan: 1. Xoja Ishoq Valiy. 2. Xoja Muhammad Ali. 3. Xoja Ilohi Xoja.
  • Bibi Buhoriydan: 1. Muhammad Siddiq Xoja. 2. Hasan Xoja. 3. Xoja Shayx. Xoja Abdulloh Xoja.
  • Bibi Malikai Kosoniydan: 1. Muhammad Xoja. 2. Sulton Ibrohim Xoja.

Yurtimizda hozirgacha aniqlangan ko’plab shajaralar asosan Hazrati Maxdumi A’zamning Muhammad Amin Xoja Kalon xojaning va Xoja Ishoq Valiyning avlodlariga tegishli bo’lib, yurtimiz tarixchilari asosan Maxdumi A’zamning shu ikki o’g’illaridan nasllar boqiy qolgan deb sanab kelishgan. Xalqaro jamiyatimizga tadqiq etish uchun taqdim etilgan ushbu shajaraning qimmatli jihati shundaki, ya’ni Hazrati Maxdumi A’zamning Bibi Malikai Kosoniydan bo’lgan Muhammad Xoja ismli o’g’lidan ham avlodlar boqiy qolganligi ma’lum bo’ldi. Quyida ushbu avlod vakillariga tegishli shajaraning jadval ko’rinishini va qo’lyozma shajaraning boshlang’ich qismi ko’rinishini e’tiboringizga havola etamiz. Ushbu shajaraga oid tafsilotlar ulug’ zotlar tarixi bilan shug’ullanuvchi tadqiqotchilar hamda shajarashunoslikka qiziquvchi yurtdoshlarimiz uchun foydali bo’ladi degan umiddamiz.

Mahdumi A’zam

Mahdumi A’zam

Mahdumi A’zam

mahdumi azam

Xulosa o’rnida ushbu avlod vakillariga tegishli qo’lyozma shajara “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” jamiyati shajarashunos naqiblari tomonidan xalqaro miqyosda tadqiq va tahlil etildi hamda qayta tasdiqlandi, shuningdek, sulola vakillariga xalqaro darajada muhrlar bosilgan shajara daraxti plakati taqdim etildi hamda maxsus raqam bilan sayyidlar shajaralarini qayd etish xalqaro reestr ro’yxatiga kiritildi.

 

«Turkiston Sayyidlari va Eshonlari» xorijiy xalqaro jamiyati ma’muriyati

 

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован.