Shajara

NAQSHBANDİYA SHAJARASİ İZİDAN

 

Ma’lumki, dunyoga mashhur Naqshbandiya tariqatiga Buxoro yaqinidan yetishib chiqqan ulug‘ zot Bahouddin Naqshband (1318 — 1389) taraflaridan asos solingan. Mazkur tariqat hozirda dunyoning ko‘plab davlatlariga tarqalgan. Naqshbandiy hazratlarining aksariyat manbalarda nasllari quyidagicha beriladi:

Hazrati Ali (r.a.) ibn, Imom Husayn (r.a.) ibn, Imom Zaynulobidin (r.a.) ibn, Imom Muhammad Boqir (r.a.) ibn, Imom Ja’fari Sodiq (r.a.) ibn, Imom Muso Kozim (r.a.) ibn, Imom Ali Muso ar Rizo (r.a.) ibn, Imom Muhammad At-Taqiy (r.a.) ibn, Imom Ali Al-Naqiy (r.a.) ibn, Imom Al-Askariy (r.a.) ibn, Sayyid Ali Akbar ibn, Sayyid Mahmud ibn, Sayyid Taqiy So‘fi Muhammad Xilvatiy ibn,  Sayyid Buloqiy ibn,  Sayyid Sha’bon ibn, Sayyid Qosim ibn, Sayyid Zaynulobidin ibn, Sayyid Mir Abdulloh ibn, Sayyid Mir  Burhoniddin ibn, Sayyid Jaloliddin Buxoriy ibn, Sayyid Muhammad Buxoriy ibn, Xoja Bahouddin Naqshband.

Hazrat Xoja Bahouddin ona tomonidan siddiqiydurlar, ya’ni nasablari Hazrat Abu Bakr Siddiq r.a.ga borib taqaladi.

Hazrat Xoja Bahouddin Naqshband (quddisa sirruhu)ning asli ismlari Sayyid Muhammad ibn Muhammad ibn Jaloliddin Buxoriy bo‘lib, Xojai Buzrug (Ulug‘ Xoja), Shohi Naqshband, Bahouddin nomlari bilan ham jahonga mashhur.

Hazrat Xoja Bahouddinning kasblari matoga naqsh solmoq bo‘lgan, shuning uchun u zoti sharifning ismlariga Naqshband taxallusini qo‘shilgan. Otalarining ismi — Sayyid Muhammad Buhoriy, onalarining ismi — Orifabibi bo‘lgan.

Shajaralar tadqiqoti yo‘lidagi izlanishlarimizda quyidagi mulohazaga to‘xtalishni joiz deb bildik. Yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek Naqshbandiy hazratlarining ajdodlari sirasidan bo‘lmish Sayyid Ali Akbar nomlari zikr qilingan. Huddi shu nom Turkiston diyorida yashab o‘tgan, Ishtixonning so‘nggi qozisi Qozi Sayyid Bahodirxonning shajarasida ham qayd qilingan. Aynan shu holat bizni tadqiqot asnosida mulohazaga undadi.

“Tuhfatul ansob” kitobida, “Maqomoti Shohi Naqshband” kitobida va Pokistonning Lahor shahrida “Naqshbandiya ta’limoti” idorasi tomonidan chop etilgan “Tazkare Khwanadane Hazrat Eshan” (Pokistonlik avliyo “Hazrati Eshon xonadoni shajarasi”) kitobida, shuningdek jamiyatimizga tadqiq etish uchun Pokistonning Islomobod shahridagi sayyidzodalar tomonidan taqdim etilgan nasabnoma shajarada, internet ensiklopediya veb saytlarining sahifalarida va boshqa manbalarda ham Xoja Bahouddin Naqshband nasablari haqida ma’lumotlar keltirilgan. Yana bu zoti sharifning shajarasi haqida shuni aytishimiz joizki, bizning “Turkiston Sayyidlari va Eshonlari” jamiyati mutaxassislari tomonidan tadqiq qilingan va tasdiqlangan, Ishtixonning so‘nggi qozisi Qozi Sayyid Bahodirxonning shajarasida, Hazrati Muhammad (s.a.v.)dan boshlanganda 17-ta ajdodlarning ismlari Hazrat Xoja Bahouddin Naqshbandning shajarasidagi 17-ta ajdodining ismlari bilan bir xil kelganligini, shuningdek shajaralarni tadqiq qilish natijasida ularning nasablari Imom al Askariyning o‘g‘li Sayyid Ali Akbarga borib taqalishini aniqladik. Faqat Sayyid Ali Akbarning o‘g‘lini ismi Xoja Bahouddinning shajarasida Sayyid Mahmud deyilgan bo‘lsa, Qozi Sayyid Bahodirxonning shajarasida Sayyid Muhammad deb yozilgan. Ammo bu har xillikni darhol “xato” deb bo‘lmaydi, chunki bu ismlarni arab yozuvida bir-biriga o‘xshash yaqin yozilishini va bu ismlar ularning kunyasi bo‘lganligini ham hisobga olish kerak.

Bundan tashqari boshqa qo’lyozma shajaralarda Sayyid Ali Akbarning o’glini to’liq ismi Sayyid Muhammad Mahmud Makkiy deb ham keltirilganini inobatga olishimiz kerak.  Xoja Bahouddin Naqshbandning va Qozi Sayyid Bahodirxonning 17-chi ajdodining ismi Sayyid Qosim bo‘lgan. Qozi Sayyid Bahodirxonning shajarasida “Sayyid Qosimning ikki o‘g‘li bo‘lgan, ular Sayyid Zaynulobiddin va Sayyid Imomiddin” deb yozilgan. Bunda Xoja Bahouddin Naqshbandning shajarasi Sayyid Qosimning birinchi o‘g‘li — Sayyid Zaynulobiddinga borib taqaladi, Qozi Sayyid Bahodirxonning shajarasi esa Sayyid Qosimning ikkinchi o‘g‘li — Sayyid Imomiddinga borib taqaladi. Bu o‘xshashlikni bu ikki zotning quyidagi sxema-jadval ko‘rinishidagi shajaralarida ko‘rishimiz mumkin:

Hazrati Xoja Sayyid Bahouddin Shohi Naqshbandning ota tomondan shajarasi

  1. Hazrati Muhammad (s.a.v.)
  2. Bibi Fotima Zahro va Hazrati Ali (r.a.)
  3. Imom Husayn (r.a.)
  4. Imom Zaynulobidin (r.a.)
  5. Imom Muhammad Boqir (r.a.)
  6. Imom Ja’fari Sodiq (r.a.)
  7. Imom Muso Kozim (r.a.)
  8. Imom Ali Muso ar Rizo (r.a.)
  9. Imom Muhammad At-Taqiy (r.a.)
  10. Imom Ali Al-Naqiy (r.a.)
  11. Imom Xasan Al-Askariy (r.a.) (boshqa manbalarda Sayyid Muhammad al-Askariy)
  12. Sayyid Ali Akbar  (Sulton Sodot (Saodat), Sayyidlar sultoni va amiri nomi bilan mashxur)
  13. Sayyid Mahmud (Muhammad)
  14. Sayyid Taqiy So‘fi Muhammad Xilvatiy
  15. Sayyid Buloqiy  (boshqa manbada Ahmad Xilvatiy, alqobi u (laqabi) Sayyid Ato (Ota) alayhirrahma)
  16. Sayyid Sha’bon
  17. Sayyid Qosim
  18. Sayyid Zaynulobidin
  19. Sayyid Mir Abdulloh
  20. Sayyid Mir Burhoniddin
  21. Sayyid Jaloliddin Buhoriy
  22. Sayyid Muhammad Buhoriy
  23. Xoja Bahouddin Naqshband

Ishtixonning so‘nggi qozisi Qozi Sayyid Bahodirxonning ota tomondan shajarasi

  1. Hazrati Muhammad (s.a.v.)
  2. Bibi Fotima Zahro va Hazrati Ali (r.a.)
  3. Imom Husayn (r.a.)
  4. Imom Zaynulobidin (r.a.)
  5. Imom Muhammad Boqir (r.a.)
  6. Imom Ja’fari Sodiq (r.a.)
  7. Imom Muso Kozim (r.a.)
  8. Imom Ali Muso ar Rizo (r.a.)
  9. Imom Muhammad At-Taqiy (r.a.)
  10. Imom Ali Al-Naqiy Al-Hodiy (r.a.)
  11. Sayyid Imom Al-Askariy (r.a.) (boshqa manbalarda Sayyid Muhammad al-Askariy)
  12. Sayyid Ali Akbar  (Sulton Sodot (Saodat) Termiziy, Sayyidlar sultoni va amiri nomi bilan mashxur)
  13. Sayyid Muhammad  (boshqa bir manbada bu zotni Hakim at-Termiziy bo’lgan degan xulosaga kelingan) 
  14. Sayyid Naqib Muhammad Husayn Xilvatiy (Naqib deb atalishi — uni o’z davrining Naqibi bo’lganligini bildiradi) 
  15. Sayyid Ahmad Buloqiy (boshqa manbada Ahmad Xilvatiy, alqobi u (laqabi) Sayyid Ato (Ota) alayhirrahma)
  16. Sayyid Muhammad Sha’bon
  17. Sayyid Qosim
  18. Sayyid Imomiddin  (qo’lyozmada uning akasini ismi Sayyid Zaynulobodin deb qayd etilgan)
  19. Sayyid Burhoniddin Sulaymon al-Qodiriy
  20. Sayyid Amir Xasan
  21. Sayyid Solih Ato 
  22. Sayyid Amin Xo‘ja
  23. Sayyid Nasim Xo‘ja
  24. Sayyid Hakim Xo‘ja
  25. Sayyid Alouddin Xo‘ja
  26. Sayyid Ahmad Xo‘ja
  27. Sayyid Nosir Xo‘ja
  28. Sayyid Munavvar Xo‘ja
  29. Sayyid Najmiddin Xo‘ja
  30. Sayyid Qodirberdi Xo‘ja
  31. Sayyid Muhammad Amin Xo‘ja
  32. Sayyid Xo‘jajon Xo‘ja
  33. Sayyid Avliyoxon Xo‘ja
  34. Sayyid Abdulmannon Xo‘ja
  35. Sayyid Qaroxo‘ja Buhoriy (Buhoro shahridan bo’lgan)
  36. Sayyid Ahmad Xo‘ja
  37. Sayyid Saidulloh Xo‘ja
  38. Sayyid Rahmatulloh Xo‘ja
  39. Sayyid Ibrohim Xo‘ja
  40. Qozi Sayyid Bahodirxon

Kubraviya tariqati mashhur murshidi Shayx Maxdumi Xorazmiyning maqomati bo’lmish qadimiy «Jodatul Oshiqin» (muallifi Sharofuddin Husayn Xorazmiy) qo’lyozma kitobida ham mazkur Sayyid Ahmad — avliyo Sayyid Otaning nasablari quyidagicha: Sayyid Ahmad (laqabi Sayyid Ota) Hilvatiy ibn Sayyid Muhammad ibn Sayyid Muhammad Ibn Sayyid Ali Akbar ibn Imom Al Askariy ibn Imom Ali Al-Naqiy ibn Imom Muhammad Al-Taqiy…deb keltirilganligi ham ansob ilmida tarixiy ahamiyatga egadir. Ya’ni Qozi Sayyid Bahodirxonning shajarasida keltirilgan ajdodi Sayyid Ahmad — avliyo Sayyid Otaning  nasabnomasi va qadimiy «Jodatul Oshiqin» qo’lyozma kitobida keltirilgan avliyo Sayyid Ota laqabli — Sayyid Ahmadning nasabnomasi bir-biri bilan hamda boshqa qadim qo’lyozma shajaralar bilan solishtirilganda, ushbu shajaralar ham bir-biriga muvofiqligini ko’rsatadi. Kezi kelganda shuni aytish joizkim, tarixda sayyidlar avlodidan etishib chiqqan Sayyid Ota ismli avliyo zotlar ko’p bolgan, o’z davrida mashhur bo’lgan bunday ismli shaxslarning nomlari ko’plab qo’lyozma shajalarda uchraydi va ularning avlodlari o’zlarini Sayyid Ota avlodlari deb atab kelishadi.

Sayyid Ali Akbar (boshqa manbalarda Sayyid Ali, yoki Ali Asg’ar deb ham keladi) esa, Hasan Al-Askariyning (o’n birinchi imom) ikkinchi o’g’illari bo’lgan, degan ma’lumotlar va rivoyatlar ba’zi tarixiy ansob (nasab) kitoblarda va qo’lyozma manbalarda qayd qilingan. Yana boshqa ansob kitoblarida esa Imom Hasan Al-Askariyning Sayyid Imom Muhammad Al-Ba’aj Al-Askariy ismli akasi bo’lganligi va uning ham Sayyid Ali ismli o’gli bo’lib, uning avlodlari diyorimizda ham tarqalganligi va ansob kitoblarida ular «Sadati Buhoriy Al-Askariy» deb atalishi haqida, Buhoro va Samarqand hududida hamda Eron, Iroq va Arab davlatlarida Sayyid Ali ibn Sayyid Imom Muhammad Al-Ba’aj Al-Askariy ibn Imom Ali Al-Hodiy Al-Naqiyning avlodlari mavjudligi to’g’risida va ular «Sadati Buhoriy Al-Ba’aj Al-Askariy» deb atalishlari haqidagi ma’lumotlar ham manbalarda uchraydi.  Ushbu sulola avlodlari arab diyorlarida «Naqviy Razaviy sayyidlar» va «Sadati Razaviy Husayniy» deb nomlanib kelinadilar.  Dunyodagi  ko’plab mashhur avliyolarning nasablari aynan Sayyid Ali Akbar ibn Imom Al-Askariy ibn Imom Ali Al-Hodiy Al-Naqiyga ya’ni 11-chi Imomga borib ulanishi to’g’risidagi ma’lumotlar tarixiy manbalarda va ayniqsa qadim qo’lyozma nasab shajaralarda ko’plab bayon etilganligini ham inobatga olishimiz kerak.

Bundan Xoja Bahouddin Naqshband va Qozi Sayyid Bahodirxonlar 10-chi Imom ya’ni Imom Ali Al-Hodiy Al-Naqiyning nabirasi Sayyid Ali Akbarning avlodlari deb xulosaga kelish mumkin. Shu bilan birgalikda ular Sayyid Ali Akbarning beshinchi avlodi bo‘lmish Sayyid Qosimning farzandlari, aka-uka Sayyid Zaynulobiddin va Sayyid Imomiddinning avlodlari bo‘lib, bir-birlariga yaqin qon-qarindosh hisoblanadilar.

Vallohu a’lam bi-s-savob!

Наъқиб Саййид Сардорхон Жаҳонгирхон

 “Туркистон Саййидлари ва Эшонлари”

 халқаро жамияти раиси

 

 

Опубликовано
В рубрике Maqolalar Отмечено