Qozi Sayyid Bahodirxon ibn Sayyid Ibrohimxo’ja

(1860—1916)

Sayyid Ibrohimxo’ja o’g’li Qozi Sayyid Bahodirxon XIX asr oxiri XX asr boshlarida yashab o’tgan Samarqand viloyatining Ishtixon shahrida oxirgi qozi lavozimida faoliyat qilgan hamda shariat ulamosi, faqih va Mir Arab madrasasining mudarrisi sifatida ham tanilgan yetuk shaxsdir.

Qozi Sayyid Bahodirxonning tug’ilib o’sgan Ishtixondagi “Safoxo’ja” qishlog’i tarixiy manbalarga qaraganda, sayyidlar, eshonlar va xo’jalar avlodlari yashagan mintaqa hisoblanadi. Aynan shu qishloq Qozi Sayyid Bahodirxonning ajdodlaridan bo’lmish XVIII asrning o’rtalarida yashab o’tgan va asli Buhoro sayyidlaridan bo’lgan Sayyid Qaroxo’ja, ukasi Sayyid Abdurahmonxo’ja va mudarris bo’lib ishlagan kuyovi Sayyid Safoxo’ja tarafidan shu qishloqqa asos solingan ekan. Qishloq tarihiga oid manbalarga va rivoyatlarga ko’ra qishloq hududidagi yerlar Buhoro amiri Amir Haydar tomonidan aka-uka Sayyid Qaroxo’ja va Sayyid Abdurahmonxo’jalarga  yer mulk sifatida ajratilgan ekan.

Qozi Sayyid Bahodirxonning yozma manbalaridagi nasab shajarasiga binoan, uning o’zi sayyidlardan hisoblanib, shajarada 38-avlod vakili ekanligi ko’rinmoqda. U kishining otalari Sayyid Ibrohimxo’ja hunarmand bo’lish bilan birga, diniy bilimlarni ham puhta egallagan. Shu boisdan ham, o’z o’g’liga bolalik chog’idanoq ta’lim bergan. Qozi Sayyid Bahodirxon otasi va bobosidan bilimlarni egallagan, ilmiy anjumanlarda hadis darslarini tinglagan. 12 yoshida Qur’oni Karimni yod yolgan. Avvaliga qishloq madrasasida tahsil olib, keyinchalik Buxorodagi Mir Arab madrasida ilm olishni davom ettirgan. Qozi Sayyid Bahodirxon arab va fors tillarini mukammal bilgan va shu bilan birga tarix, fiqh (islom qonushunosligi), falsafa va shunga ox’shash ko’plab bilimlarni egallagan. Arastu va Suqrotlarning hayoti bilan qiziqqan. Tasavvuf namoyondalari va ulug’ avliyolar Naqshibandiy, Yassaviy, Najmiddin Kubro kabilar ta’limotini ham o’rgangan. Sheroziy va Navoi ijodi bilan ham bahramand bo’lgan. Bu bilimlar samarasi o’laroq keyinchalik esa, Sayyid Bahodirxon Mir Arab madrasasining bosh mudarrisi lavozimigacha ko’tarilgan.

Qozi Sayyid Bahodirxonning ajdodlariga berilgan shajaraga nazar solinsa, u ota tomonidan Sayyid Solih Ato ibn Sayyid Amir Hasan ibn Sayyid Burhoniddin Al-Qodiriyga borib qadaladi. O’z navbatida esa, avliyo Burhoniddin Qodiriy, Imom Hasan Al-Askariyning o’g’li hisoblanmish Termizlik Sulton Sodot deb nom qozongan Sayyid Ali Akbarning avlodidir. Sulton Sodot Sayyid Ali Akbar esa, Hasan Al-Askariyning (o’n birinchi imom) ikkinchi o’g’illari bo’lgan, degan ma’lumotlar va rivoyatlar ba’zi tarixiy ansob kitoblarda va qo’lyozma manbalarda qayd qilingan. Bu haqda yuqorida ta’kidlaganimizdek, Sayyid Bahodirxonning avlodlarida saqlanayotgan “Nasabnoma-i Sharif”da  ham bayon etilgan. Sulton Sodot Sayyid Ali Akbar ibn Imom Hasan Askari r.a.ning qabri Termizdagi Sulton Saodat (Sodot) majmuasidagi maqbarada joylashgan.

Qozi Sayyid Bahodirxon 1895 yilda Ishtixonga qozi lavozimiga tayin etiladi. Hanafiy mazhabiga ko’ra shariat qoidalarini tatbiq qiladi va el orasida yetuk faqih sifatida taniladi. Shu bilan birga Naqshibandiy tariqatinng ta’limotini ham xalq orasida keng targ’ib qiladi. 1911 yilda o’z mablag’idan Ishtixonda katta xonaqoh barpo etadi. Unda masjid, kutubxona va va zikr ahli to’planadigan zikrxona mavjud bo’lib, tevaragi mutolaa uchun kichik hujralardan iborat bo’lgan. Ushbu katta xonaqoh Sovet hukumati davrida vayronaga aylangan. Hozirda xonaqohning o’rnida Ishtixon dehqon bozori bunyod etilgan.

Qozi Sayyid Bahodirxon umrining oxirigacha qozi lavozimida ishlagan va oxirgi yillarini o’z qishlog’ida kechirgan. 1916 yil o’zi tug’ilib o’sgan Safoxo’ja qishlog’ida vafot etadi va o’sh erdagi “Safoxo’ja” qabristoniga dafn etiladi. Qozi Sayyid Bahodirxonning farzandlari otasini qabri ustiga maqbara bunyod etadilar. Ammo “quloqlashtirish” davrlarida “yurt egasi” bo’lib qolgan ayrim hudobehabar ochofatlar mazkur maqbarani va qishloqdagi katta madrasaning pishiq ‘nikolay” g’ishtlarini sotib yeb yuboradilar. Mustaqillikning ilk yillarida “Safoxo’ja” qabristonidagi sayyidlarning qabrlari yana tiklana boshladi, Qozi Sayyid Bahodirxonning avlodlari ham bobolarining qabrini qayta tiklashdi.  Alloh barcha o’tgan azizlarni o’z rahmatiga olsin.

“Turkiston Sayyidlari va Eshonlar” Jamiyati mazkur shaxsning avlodlarida saqlanib kelayotgan shajarani tadqiq qilish va qayta tasdiqlash baxtiga muyassar bo’ldi. Jamiyatning mutaxassislari tomonidan shajara o’rganilishi borasida juda ko’pgina tarixiy manbalar guvohi ham bo’lindi. Shoyad bu tarixiy hujjat kelajakda boshqa manbalarga ham oydinlik kiritsa ajab emas. Quyida shajaraning asl nusxasidan olingan namuna Sizlarga havola qilinmoqda.

“Turkiston Sayyidlari va Eshonlari”

Jamiyati  raisi  Sayyid Sardorxon Jahongir

Пролистать наверх